Yangi ta’limiy ufqlar, xalqaro tajriba va zamonaviy bilimlar O‘zbekiston yoshlari uchun tobora kengayib bormoqda. Toshkent shahridagi Bucheon universiteti mamlakatdagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirib, talabalar uchun sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini oshirmoqda.
Shu doirada Toshkent shahridagi Bucheon universiteti va Qashqadaryo pedagogika texnikumi o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Mazkur hamkorlik zamonaviy ta’lim amaliyotlarini joriy etish hamda yoshlar uchun xalqaro darajadagi bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Hamkorlikning asosiy maqsadi — amaliy ko‘nikmalarga ega, innovatsion fikrlaydigan va mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdir. Bu jarayonda zamonaviy o‘qitish metodikalari, amaliy ta’lim formati hamda xalqaro standartlarga mos dasturlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, Janubiy Koreya ta’lim tizimining ilg‘or tajribasini joriy etish imkoniyati yaratiladi. Bu esa talabalarga zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish, xalqaro tajriba orttirish va kelajakda muvaffaqiyatli kasbiy faoliyat uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi.
Toshkent shahridagi Bucheon universiteti ta’kidlashicha, hududlardagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish universitet rivojlanish strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu kabi tashabbuslar O‘zbekiston yoshlari uchun zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan ta’lim imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.





