Xalqaro hamkorlikni faollashtirish doirasida Toshkentdagi Puchon universiteti vakillari Koreya Respublikasidagi Puchon universitetining Ijtimoiy ta’minot kafedrasiga tashrif buyurishdi. Bu tashrif ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi va qo‘shma ilmiy hamda ta’limiy loyihalar uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
Tashrif davomida delegatsiya Koreya universitetining ta’lim tizimi, akademik dasturlari, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda ijtimoiy ta’minot sohasidagi asosiy yo‘nalishlari bilan batafsil tanishdi. Ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish va innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish borasidagi ilg‘or koreys tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar bir qator muvofiqlashuvga erishdi, jumladan, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, aholining farovonligini yaxshilash hamda talabalar va mutaxassislarning kasbiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish rejalashtirildi. Shu jumladan, qo‘shma ta’lim platformalarini yaratish masalasi ham muhokama qilindi.
Bu tashrif nafaqat ilmiy aloqalarni mustahkamlash sari muhim qadam, balki ijtimoiy soha mutaxassislarini tayyorlashda yangi yondashuvlar uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Toshkentdagi Puchon universiteti ma’muriyati ta’kidlaganidek, bunday tashabbuslar nafaqat ta’lim sohasini rivojlantiradi, balki yanada adolatli va barqaror jamiyat qurishga xizmat qiladi.










