BOLALIKDAN XORIJIY TILDA MULOQOT

Tasavvur qiling: bir bogʻcha. Bu yerda bolalar ilk kunlaridanoq interaktiv mashgʻulotlar orqali xorijiy til muhitiga kirib boradi. “Gapiruvchi” kitoblar, planshetlar va zamonaviy raqamli vositalar taʼlim jarayonining ajralmas qismiga aylangan. Pedagog esa shunchaki oʻqituvchi emas, balki bolalar uchun bilim va innovatsiyalar olamiga yoʻl koʻrsatuvchi mutaxassis sifatida faoliyat yuritadi.

Toshkent shahridagi Puchon universitetida Strategik innovatsiyalar va resurslar markazi ochildi. Markaz doirasida yangi taʼlim loyihasi amalga oshirilmoqda. U maktabgacha yoshdagi bolalarni xorijiy tilga oʻrgatish bilan birga, zamonaviy maktabgacha taʼlim tizimi uchun pedagog kadrlarni tayyorlashni ham nazarda tutadi. Loyiha interaktivlik, amaliyot va rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirishga tayanadi.

Markaz faoliyati doirasida erishilgan yutuqlar va toʻplangan tajribalar NMTT direktorlari uchun tashkil etilgan seminar davomida taqdim etildi. Seminar bolalarning ilk yoshidan xorijiy til muhitida rivojlanishi hamda pedagoglarning eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni oʻzlashtirishi mumkinligini amalda koʻrsatdi.

Toshkent shahridagi Puchon universiteti rektori Agrippina Vasilyevna Shin oʻz chiqishida quyidagilarni taʼkidladi: “Bolalik — yangi bilimlarni, jumladan xorijiy tilni oʻzlashtirish uchun eng qulay davrdir. Aynan shu bosqichda inson hayoti davomida unga hamroh boʻladigan asosiy koʻnikmalar shakllanadi.”

Strategik innovatsiyalar va resurslar markazi maktabgacha taʼlimga boʻlgan yondashuvni yangilashni maqsad qilgan. Bu yerda bolalar zamonaviy metodikalar asosida taʼlim oladi, bir vaqtning oʻzida esa yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlanadi. Markaz faoliyatida xalqaro tajriba, innovatsion metodikalar hamda Koreya va Yevropa mutaxassislarining ilgʻor ishlanmalari jamlangan.

Universitetga qarashli bogʻchalar va boshlangʻich maktablarda Hon Han metodikasi qoʻllaniladi. U boshlangʻich darajada ingliz tilini oʻrgatish uchun ishlab chiqilgan innovatsion oʻquv materiallariga asoslangan. Mashgʻulotlarda “gapiruvchi” kitoblar, planshetlar va interaktiv ruchkalardan foydalaniladi. Natijada taʼlim jarayoni bolalar uchun qiziqarli, jonli va faol ishtirokka boy boʻladi.

Pedagoglarni tayyorlash dasturi  Toshkent shahrudagi Puchon universiteti bazasida tashkil etilgan oʻquv modullarini, shuningdek, Koreyaning Puchon shahrida oʻtkaziladigan stajirovkalarni oʻz ichiga oladi. Bu pedagoglarga xalqaro tajribani bevosita oʻrganish va uni Oʻzbekiston maktabgacha taʼlim tizimiga moslashtirib joriy etish imkonini beradi.

Rektor taʼkidlaganidek, NMTT direktorlari uchun oʻtkazilayotgan seminarlar pedagog kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosatiga toʻliq mos keladi. Bu oddiy taʼlim tashabbusi emas, balki ijodkorlik, hamkorlik va innovatsiyalarga asoslangan platforma hisoblanadi. Universitet bazasida pedagoglar va rahbarlar resurslarni birlashtirib, bolalar uchun sifatli taʼlim muhitini shakllantirish imkoniyatiga ega

Universitet maktabgacha taʼlim islohotlarining boshida turgan pedagoglarga ega, aynan shu tufayli samarali dasturlar yaratish mumkin. “Agar NMTT bilan hamkorlikni boshlasak, UNESCO konferensiyasi yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi ustuvor yoʼnalishlariga va davlat siyosatining amaliy yoʼnalishlariga mos loyihalarni amalga oshira olamiz”, — dedi rektor.

Markaz faoliyatining muhim koʻrsatkichlaridan biri — ota-onalar ishonchidir. Chunki aynan ota-onalar farzandlari uchun eng samarali va xavfsiz taʼlim muhitini tanlaydi. Bunday muhit esa faqat innovatsion metodikalarda ishlay oladigan professional pedagoglar orqali yaratiladi.

Markaz dasturlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Koreyada stajirovkalar;
  • Onlayn taʼlim formatlari;
  • Raqamli transformatsiya boʻyicha treninglar;
  • Rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirish;
  • Jamoa va loyihalarni boshqarish amaliyoti;
  • Taʼlim tashabbuslarini monetizatsiya qilish usullari.

Bugun bolalar interaktiv muhitda xorijiy tilni oʻrganmoqda, hissiy intellekt va ijtimoiy koʻnikmalarini rivojlantirmoqda. Pedagoglar esa zamonaviy vositalar va metodikalar orqali taʼlim sifatini oshirmoqda. Milliy koreys musiqiy chiqishlari esa xalqaro madaniy muloqot muhitini yaratib, universitetning global yondashuvini namoyon etdi.

Xulosa aniq: Strategik innovatsiyalar va resurslar markazi faqat pedagoglar va rahbarlarni tayyorlamaydi. U innovatsiyalarni joriy eta oladigan, resurslarni samarali birlashtiradigan va Oʻzbekiston maktabgacha taʼlim sifatini bosqichma-bosqich oshiradigan liderlarni shakllantiradi.

Bu yerda bolalar bilim oladi, pedagoglar esa taʼlim kelajagini barpo etish uchun zarur bilim va vositalarga ega boʻladi.  Universitetdagi har bir qadam — bolalikdan boshlanadigan sifatli va zamonaviy taʼlim sari tashlangan qadamdir.