3D FORMATDA TA’LIM

Agar navbatdagi milliy miqyosdagi animatsion loyiha studiyada emas, balki auditoriyada boshlansa-chi?

2026-yil 26-fevral kuni Toshkent shahridagi Puchon universitetida kreativ sanoatning kelajakdagi rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitetga LOLA Animation Studio studiyasining ijrochi direktori Azimjon Raximjonov tashrif buyurdi. Suhbat rasmiy tashrif doirasidan chiqib, ochiq va mazmunli professional muloqotga aylandi.

Gap shunchaki hamkorlik haqida emas edi. Asosiy e’tibor ta’lim va sanoat bir yo‘nalishda ishlaydigan tizimni shakllantirishga qaratildi. Bunday modelda talabalar real ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi, sanoat vakillari esa kelajak mutaxassislari bilan bevosita ishlaydi.

LOLA Animation Studio mamlakatning eng tez rivojlanayotgan animatsion studiyalaridan biridir. Aynan shu jamoa o‘tgan yil oxirida O‘zbekistonda birinchi marta to‘liq metrajli 3D animatsion film — „Sehrlandiya“ni taqdim etdi. Ushbu loyiha sohada yangi bosqichni boshlab berdi va yangi standartni belgiladi.

Muzokaralar ochiq professional muloqot va aniq istiqbollar muhitida o‘tdi. Universitet rektori Agrippina Vasilyevna Shin uzoq muddatli hamkorlikka umid bildirdi va ta’kidladi: real ishlab chiqarishni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish — bu kelajak emas, balki hozirgi zarurat.

Tomonlar hamkorlik memorandumi (MOU) tayyorlashni muhokama qilishdi. Reja nafaqat ambitsiyali, balki amaliy ham: studiya mutaxassislari universitetda dars berishi mumkin; talabalar real ishlab chiqarish sharoitida stajirovkadan o‘tishi mumkin; eng yaxshi bitiruvchilar kompaniyada ishga joylashishi mumkin. Hamkorlik asosan “Multimedia va o‘yin kontenti” fakulteti doirasida yo‘lga qo‘yiladi.

Muzokaralardan so‘ng studiya vakillari ta’lim jarayoni va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi: auditoriyalarni ko‘rishdi, darslarni tomosha qilishdi, talabalar bilan suhbatlashishdi va ularning loyihalarini yuqori baholashdi. Mehmonlar universitetda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar yuqori darajada ekanini va bugungi talablar bilan mos kelishini ta’kidlashdi.

Bugungi kunda kreativ sanoatlar faqat diplom emas, balki ko‘nikmalar, moslashuvchanlik va real tajriba talab qiladi. Toshkent shahridagi Puchon universiteti aynan shunday zamonaviy va amaliy yo‘nalishga ega ta’lim modelini rivojlantirmoqda.

Bu yerda bozor talabini kutib o‘trishmaydi. Bu yerda bozorni shakllantiradigan mutaxassislar tayyorlanadi.

Agar mamlakatdagi birinchi 3D to‘liq metrajli animatsiya allaqachon haqiqatga aylangan bo‘lsa, navbatdagi katta loyiha aynan shu yerda boshlanishi mumkin.

Shuningdek, yangi animatsion film — “Sehrlandiya: Qahramonlik missiyasi” motivlari asosida yaratilgan sovg‘a to‘plami ham taqdim etildi. Bu ramziy sovg‘a kelajakdagi hamkorlikning boshlanishi sifatida qabul qilindi. Oldinda esa qo‘shma loyihalar, amaliy tajribalar va yangi muvaffaqiyat hikoyalari turibdi.