Toshkent shahridagi Puchon universiteti raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash va zamonaviy ta’lim yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratib, xalqaro aloqalarni izchil mustahkamlab bormoqda.
Universitetda Koreya Lift Texnologiyalari Universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga universitet rektori hamda professor-o‘qituvchilar tarkibi boshchilik qildi. Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or ta’lim tajribalarini almashish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Muzokaralar davomida tomonlar yuqori malakali kadrlar tayyorlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Xususan, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, talabalar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini rivojlantirish, shuningdek, ta’lim oluvchilarning amaliy tayyorgarligini koreyalik hamkorlarning ilmiy va ishlab chiqarish salohiyatidan foydalangan holda tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalarning alohida mavzularidan biri Toshkent shahridagi Puchon universiteti talabalari uchun stajirovka va ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash imkoniyatlarini kengaytirish masalasi bo‘ldi. Bu esa bo‘lajak mutaxassislarga zamonaviy texnologik yechimlar bilan yaqindan tanishish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi.
Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar hamda ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish va iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan tarmoqlari uchun yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladigan aniq loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
