Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurash va inson qadr-qimmati hamda inson huquqlariga ustuvorlik

2025-yil 29-oktabr kuni Toshkent shahridagi Puchon Universitetining majlislar zalida “Jaholatga qarshi diniy ma’rifat” mavzusida ma’ruza bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan Yoshlar va talabalar bilan ishlash bo‘yicha prorektor I. Churbanov ochib berdi. U o‘z nutqida bunday uchrashuvlar talabalar dunyoqarashini kengaytirishda, tanqidiy fikrlashni rivojlantirishda hamda e’tiqod, axloq va ma’naviyat masalalariga ongli yondashuvni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Mazkur mavzuda ma’ruzani O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi professori, tarix fanlari doktori Juraev Shukrillo Rahimovich olib bordi. U o‘z chiqishida diniy ma’rifat insonni ma’naviy yetuk, axloqan barqaror va mas’uliyatli shaxs sifatida tarbiyalashdagi o‘rnini alohida qayd etdi.

Tadbirda birinchi bosqich talabalari faol ishtirok etishdi. Ular muhokama etilgan mavzuga katta qiziqish bildirishib, zamonaviy jamiyatda diniy qadriyatlarning o‘rni va ularning inson ma’naviyatiga ta’siri borasida ko‘plab mazmunli savollar berdilar.

Ma’ruzachi diniy ekstremizm va buzg‘unchi oqimlarga qarshi kurash masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. U ta’kidlashicha, yoshlarning diniy savodxonligini oshirish, ta’lim va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish — ularni bunday g‘oyalar ta’siridan asrashda eng samarali vositalardir.

Shuningdek, Sh. Juraev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida ham so‘z yuritdi. U markaz faoliyati mamlakatning boy ma’naviy merosini mustahkamlash, milliy an’analarni asrab-avaylash va diniy bag‘rikenglikni targ‘ib qilishga qaratilganini ta’kidladi.

Ma’ruzachi so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoviy davlat bo‘lib, unda 130 dan ortiq millat vakillari tinchlik va totuvlikda yashamoqda hamda 16 ta rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan diniy konfessiya faoliyat yuritmoqda.

Bunday uchrashuvlar yoshlarning ma’naviy-axloqiy qarashlarini shakllantirishga, madaniyatlararo muloqot madaniyatini mustahkamlashga hamda Toshkentdagi Puchon Universiteti talabalari uchun komil dunyoqarash va ichki qadriyatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.