Toshkent shahridagi Puchon universitetida Estetika va goʻzallik kafedrasining birinchi va ikkinchi bosqich talabalari Oʻzbekiston chempionatida soch turmagi sanʼati yoʻnalishi boʻyicha qoʻlga kiritgan gʻalabalari munosabati bilan rasmiy taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Rektorat vakillari taʼkidlaganidek, mazkur natijalar talabalarning masʼuliyatli mehnati, kasbiy mahoratga intilishi hamda qatʼiyati samarasidir. Talabalar oʻqishning dastlabki bosqichidanoq professionallik, ijodkorlik va yuksak tayyorgarlik koʻnikmalarini namoyon etib kelmoqda.
Toshkent shahridagi Puchon Universiteti birinchi prorektori Song Yu Jin gʻolib talabalarga jamoa nomidan samimiy tabriklar yoʻllab, ularga kelgusidagi yirik loyihalar va musobaqalarda yanada yuksak muvaffaqiyatlar tiladi.
Taqdirlash marosimi universitetdagi taʼlim jarayoni — bu nafaqat nazariy bilim olish, balki professional rivojlanish uchun real imkoniyatlar yaratish ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bunday musobaqalarda ishtirok etish talabalar uchun amaliy tajriba orttirish, ijodiy yondashuvni rivojlantirish, professional portfolioni shakllantirish hamda soha mutaxassislari bilan aloqalarni kengaytirish imkonini beradi.
Toshkent shahridagi Puchon universiteti yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish va zamonaviy kasbiy tayyorgarlikni taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda davom etadi.
Gʻolib talabalarni muborakbod etamiz va ularga yangi marralarni zabt etishda muvaffaqiyat tilaymiz.




