MULTIMEDIA VA YANGI AVLOD O‘YINLARI
Bu shunchaki talabalarning oddiy ishlari emas.
Bu — bugunoq zamonaviy industriya tilida fikrlay oladigan yangi avlodning loyihalari.
Toshkent shahridagi Puchon universitetida multimedia va o‘yin kontentiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Unda talabalar, ustozlar hamda kreativ soha vakillari ishtirok etdi. Bu yerda kelajak haqida gapirishmadi — uni bevosita ekranlarda, interaktiv loyihalar va o‘yin demolari orqali namoyish qilishdi.
Ko‘rgazmada axborot texnologiyalari, multimedia va o‘yin kontenti yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar o‘z ishlarini taqdim etdilar. Ularning loyihalari real sanoat talablariga mos, amalda ishlaydigan va bozorga tayyor mahsulotlar edi. Zamonaviy texnologiyalar, o‘yin namoyishlari va kreativ yondashuv barchasini birlashtirdi.
Universitet rektori Agrippina Shin ko‘rgazma haqida shunday fikr bildirdi: “Ko‘rgazma juda rang-barang va boy bo‘ldi. Har bir ishda kreativlik va professional yondashuv sezilib turibdi. Bu shunchaki mashq yoki nazariy loyiha emas — deyarli barchasi tayyor mahsulot darajasida. Talabalar dunyoni o‘z nigohlari orqali juda chiroyli va zamonaviy tarzda ko‘rsata olishdi”.
Akademik masalalar bo‘yicha birinchi prorektor Song You Jin esa talabalar sun’iy intellekt davrida yashayotganini ta’kidlab, ularni zamon bilan hamnafas bo‘lishga chaqirdi.
Talabalar ham ko‘rgazma ularga katta motivatsiya berganini aytishdi. Ularning ta’kidlashicha, universitetda olayotgan bilimlari haqiqiy loyihalarda o‘z samarasini ko‘rsatib va kelajak kasbiga tayyorlanishga yordam bermoqda.
Ko‘rgazma amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim natijasi bo‘ldi. Talabalar faqat nazariya bilan cheklanmay, iqtisodiyot va kreativ industriyada talab yuqori bo‘lgan loyihalarni yaratishmoqda.
Tadbirda KoryoTV, DIP Animation, BIT Company va ITCI kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi.
Taqdirlash marosimida eng yaxshi loyihalar mualliflari Special Award, Excellent Award va Grand Excellent Award mukofotlari bilan taqdirlandi. Tadbir yakunida esa yoqimli syurpriz bo‘ldi: Yangi yil arafasida universitet rektori Agrippina Vasilievna Shin barcha pul mukofotlari ikki baravar oshirilganini e’lon qildi. Bu — talabalarning mehnati va kelajagiga qilingan muhim investitsiya bo‘ldi.
Ko‘rgazma shuni ko‘rsatdiki, Toshkent shahridagi Puchon universiteti talabalari allaqachon kelajak industriyasi talablariga mos mahsulotlar yaratishga qodir. Bu yerda raqamli va kreativ sohani rivojlantira oladigan yangi avlod mutaxassislari shakllanmoqda.









