Puchon Universiteti Xalqaro Ozon qatlamini muhofaza qilish kunini nishonladi

16-sentabr — Xalqaro Ozon qatlamini muhofaza qilish kuni munosabati bilan Toshkentdagi Puchon Universiteti vakillari ushbu muhim ekologik sanaga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdilar. Tadbir Milliy tadqiqot universiteti **“TIIMSH”**da bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Ekopartiya, Ekoharakat va universitetning Ekologiya va huquqshunoslik fakulteti tomonidan tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Ekologiya vazirligi mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarning ishtiroki bo‘ldi.

Puchon Universitetining Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi o‘qituvchisi S. S. Sanginov ishtirokchilarga Ozon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha Vena konvensiyasi hamda O‘zbekistonda ozon qatlamini himoya qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Deputatlar, Ekologiya vazirligi mutaxassislari hamda talabalar tomonidan tayyorlangan ekologiya va ozon qatlamini saqlash masalalariga bag‘ishlangan taqdimotlardan so‘ng, universitetda ilgari o‘tkazilgan ekologik tanlovlarning g‘oliblari taqdirlandi.