Toshkent shahridagi Puchon universitetida “Rektor kubogi” musobaqasiga start berildi. Turnir kutilmagan shiddat bilan boshlandi: ilk oʻyindanoq jamoalarning gʻalabaga boʻlgan kuchli ishtiyoqi koʻzga tashlandi.
28-mart kuni turnir futbol bahslari bilan boshlandi. Maydonda kurash olib borgan 6 ta jamoa oʻrtasidagi oʻyinlar nihoyatda keskin kechdi. Soʻnggi soniyalargacha davom etgan qiziqarli bahslar yakuniga koʻra, OLDY XXL jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Kunning ikkinchi yarmida voleybol musobaqalari boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan 4 ta jamoa yuqori darajadagi hamjihatlik va jamoaviy oʻyinni namoyish etdi. Murosasiz kechgan bahslar natijasida Fiksiki jamoasi birinchi oʻrinni egalladi.
29-mart kuni navbat basketbol bahslariga keldi. Ikki jamoa oʻrtasidagi uchrashuv yuqori suratda va qiziqarli kechdi. Yakunda Play Next jamoasi ishonchli gʻalaba qozondi
Turnir atrofida oʻziga xos jonli va energiyaga boy muhit shakllanmoqda. Bu yerda talabalar nafaqat sport bilan shugʻullanishadi, balki oʻzaro tanishib, faol muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻlmoqdalar. Bu esa universitetning naqadar ochiq, hayotga va gʻayratga toʻla maskan ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bu gal shohsupaning barcha pogʻonalarini universitet jamoalari egalladi. Litsey yoshlari uchun esa bu bahslar mahorat oshirish va yangi zafarlar sari intilish uchun yaxshi imkoniyat boʻldi.
Oldinda bizni yengil atletika, tennis va shaxmat boʻyicha bellashuvlar kutmoqda. Demak, “Rektor kubogi” bahslari hali yanada qizgʻin davom etadi!











