OIV va OITS tarqalishiga qarshi kurash oyligi doirasida Toshkent shahridagi Puchon Universiteti talabalarning OIV va OITSni oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash usullari bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan axborot-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirning maqsadi — yoshlar orasida sog‘liqqa mas’uliyatli munosabat madaniyatini mustahkamlash va xavfsiz xulq-atvor haqida bilimlarini kengaytirishdir.
21 noyabr kuni universitetga Shahar OITSga qarshi kurash markazining dispanser bo‘limi oliy toifali shifokori — Karimova Dilafruz Rixsiyevna tashrif buyurdi. Ochiq muloqot davomida mutaxassis OIV qanday yuqishi, himoyalanish usullari, erta tashxis qo‘yishning ahamiyati hamda O‘zbekistonda mavjud zamonaviy davolash dasturlari haqida batafsil tushuntirib berdi.
Talabalar faol tashabbus ko‘rsatib, mavzuga oid targ‘ibot ko‘rgazmalari tayyorladilar. Bu esa profilaktika go‘yalarini yoshlar uchun yanada tushunarli va qiziqarli tarzda yetkazishga xizmat qiladi.
Tadbir universitetning sog‘lom, xabardor va ijtimoiy mas’uliyatli talabalar muhitini shakllantirish yo‘lidagi izchil ishlarning bir qismi hisoblanadi.





