TAʼLIM SHU YERDAN BOSHLANADI

Bugungi kunda dars jarayoni faqat doska va darslik bilan cheklanib qolmaydi. Zamonaviy taʼlim oʻquvchilarning faol ishtiroki, vizual fikrlashi va qiziqishini talab qiladi. Shu maqsadda Toshkent shahridagi Puchon universiteti huzuridagi Bolalik va maktab taʼlimi markazida boshlangʻich taʼlim jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va oʻqituvchilarning raqamli vositalardan foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirishga bagʻishlangan amaliy seminar tashkil etildi.

Seminar nodavlat taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarni bir joyga jamladi. Unda zamon bilan hamnafas boʻlish bilangina cheklanib qolmasdan, yangi avlod oʻquvchilari uchun tushunarli va qiziqarli taʼlim muhitini yaratish masalalariga eʼtibor qaratildi. Xususan, topshiriqlarni vizuallashtirish, testlar, pazllar hamda turli interaktiv elementlar orqali oddiy darsni samarali va jalb etuvchi oʻquv jarayoniga aylantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Seminar “qilish orqali oʻrganamiz” tamoyili asosida tashkil etildi. Unda oʻqituvchilar raqamli vositalar bilan faqat tanishib qolmasdan, ularni bevosita amalda qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlishdi. Ishtirokchilar boshlangʻich sinflar uchun matematika fanidan topshiriqlar yaratdi va vizuallashtirdi, turli interaktiv formatlarni sinab koʻrdi, platformalarni amalda test qildi, savollar berdi va shu zahotiyoq javob oldi.

Bunday yondashuv har bir pedagogga yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish bilan birga, ularning amaldagi samarasini ham koʻrish imkonini berdi. Raqamli vositalar oʻquvchilarni darsga jalb etish, fanlarga qiziqishni oshirish va faol fikrlashni taʼlimning ilk bosqichlaridanoq shakllantirishda samarali vosita ekani namoyon boʻldi.

Seminar kasbiy muloqot va tajriba almashish uchun samarali maydonga aylandi. Unda raqamli texnologiyalar moda tendensiyasi sifatida emas, balki kelajak taʼlimini shakllantiradigan va oʻqituvchi faoliyatini qoʻllab-quvvatlovchi muhim ish quroli sifatida talqin etildi.