Toshkent, oktabr 2025-yil. Toshkentdagi Puchon Universitetida Koreya Respublikasi va O‘zbekistonning ta’lim, biznes hamda madaniyat sohasi vakillarini birlashtirgan muhim madaniy-ishbilarmonlik tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu kun ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlash yo‘lida navbatdagi qadamlardan biri bo‘ldi.
Tadbirning asosiy voqeasi — Toshkentdagi Puchon Universiteti, Cholla-Pukto viloyati yosh tadbirkorlar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston koreys tadbirkorlari assotsiatsiyasi o‘rtasida uch tomonlama anglashuv memorandumi imzolanishi bo‘ldi. Ushbu kelishuv ta’lim, tadbirkorlik va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan.
Tadbirda so‘z olgan Toshkentdagi Puchon Universiteti rektori — Agrippina Shin o‘z nutqida ta’kidladi:
«Bugun biz sa’y-harakatlarimizni faqat ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun emas, balki ikki mamlakat yoshlarining orzu va umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun birlashtiryapmiz. Puchon Universiteti malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi va endi tadbirkorlar energiyasi bilan birgalikda biz xalqaro hamkorlikning yangi modelini yaratmoqdamiz. Ushbu hamkorlik talabalarimizga o‘zini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar ochadi va ularni tez o‘zgarayotgan dunyoda dadil harakat qilishga ilhomlantiradi».
Madaniy dastur va ustaxonalar
Memorandum imzolanganidan so‘ng, ishtirokchilar koreys an’anaviy madaniyati muhitiga sho‘ng‘ish imkoniga ega bo‘ldilar. Talabalar va mehmonlar uchun xandji — qo‘lda tayyorlanadigan koreys an’anaviy qog‘ozdan fonus yasash bo‘yicha ustaxona tashkil etildi. Ishtirokchilar o‘z qo‘llari bilan noyob buyumlar yaratishdi va ushbu hunarning tarixi hamda falsafasi bilan tanishdilar.
Katta qiziqish uyg‘otgan chiqishlardan biri pхansori janridagi koreys an’anaviy musiqiy-hikoyaviy san’at namoyishi bo‘ldi. “Chonju Pansori” xor truppasi ijrochilari tomoshabinlarga estetik zavq ulashib, koreys madaniyatining boyligi va nafisligini chuqur his qildirdilar.
Kun yakunida Koreyaning me’morchiligi, tabiiy go‘zalliklari va madaniy merosini aks ettiruvchi taqdimotlar o‘tkazildi. Bu esa xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy muloqotni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Madaniy-ishbilarmonlik kuni — hamkorlikning yorqin namunasi
Toshkentdagi Puchon Universitetida o‘tgan ushbu madaniy-ishbilarmonlik kuni — ta’lim, biznes va madaniyatni xalqaro hamkorlik doirasida uyg‘unlashtirgan muvaffaqiyatli loyiha bo‘ldi. Imzolangan memorandum tufayli talabalar kasbiy o‘sish va tajriba almashish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘ladilar, tadbirkorlar esa ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun yangi platformaga ega bo‘ladilar.
Puchon Universiteti O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida mustahkam va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muloqot va tajriba almashish markazi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.
Dasturda quyidagilar bo‘ldi:
- Toshkentdagi Puchon Universiteti, Cholla-Pukto viloyati Yosh tadbirkorlar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Koreys tadbirkorlari assotsiatsiyasi o‘rtasida uch tomonlama memorandum imzolanishi
- Xandji qog‘ozidan buyumlar tayyorlash bo‘yicha ustaxona
- Koreys klassik musiqasi va pхansori janridagi noyob chiqish
Tadbir Koreya va O‘zbekiston tadbirkorlari hamda delegatsiya vakillarini birlashtirdi — bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi!
