Puchon Universiteti Toshkent filiali talabalariga nafaqat sifatli ta’lim, balki kuchli motivatsion muhit yaratishni davom ettirmoqda. 17-noyabr kuni o‘zbekistonlik muhandis Jahongir Yuldashevich Bay bilan ochiq uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U mahalliy IT-loyihalardan boshlab Apple, General Motors kabi yirik xalqaro korporatsiyalargacha yetib borgan va bugungi kunda o‘zining Kansensus nomli xalqaro startapini rivojlantirmoqda.
Jahongir o‘n yildan ortiq vaqt davomida dunyoning eng yirik IT-kompaniyalarida, jumladan Apple, Microsoft va LAM Research’da faoliyat yuritgan. U Apple’ning shtab-kvartirasida yetti yil ishlagan bo‘lib, global ishlab chiqarish tizimlari va ta’minot zanjirini boshqarish uchun mo‘ljallangan infratuzilmaviy yechimlar ustida ishlagan. Uning tashabbuslari tufayli kompaniya yiliga o‘nlab milliard dollar miqdorida mablag‘ni tejab kelmoqda.
Jahongirning Puchon Universiteti Toshkent filialidagi uchrashuvi davomida u o‘zining noyob tajribasi bilan o‘rtoqlashdi hamda Google, Apple, Microsoft va boshqa yetakchi IT-kompaniyalarda suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish bo‘yicha foydali tavsiyalar berdi. Shuningdek, u xorijda martaba qurish, texnologik fikrlashni rivojlantirish va qaror qabul qilishda dadillikning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuvning yana bir muhim qismi — talabalarning Kansensus startapi bilan tanishuvi bo‘ldi. Bu — ochiqlik, foydalanuvchilar ishtiroki va yangi raqamli axloq tamoyillariga asoslangan innovatsion ijtimoiy platforma. Jahongir loyiha qanday g‘oyadan tug‘ilganini, jamoa duch kelayotgan qiyinchiliklarni va yosh dasturchilar uchun nega xatolardan qo‘rqmaslik, o‘z g‘oyalarini sinab ko‘rish juda muhimligini batafsil tushuntirib berdi.
Talabalar zamonaviy IT-industriya, startap madaniyati, global loyihalarda ishlash va shaxsiy kasbiy o‘sish strategiyalari haqida o‘z savollariga javob olish imkoniga ega bo‘ldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlar uchun kuchli motivatsiya manbai bo‘lib, ularga real muvaffaqiyat namunalarini ko‘rsatadi va xalqaro kompaniyalarga yo‘l har kim uchun ochiq ekanini anglatadi.
Puchon Universiteti Toshkent filiali bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazishda davom etadi. Universitet talabalarga nafaqat bilim, balki o‘z kelajagini ishonch bilan qurishga yordam beradigan yangi g‘oyalar, rivojlanish imkoniyatlari va ilhom manbalarini taqdim etadi.









