Toshkent shahridagi Puchon Universiteti delegatsiyasi Koreya Respublikasida joylashgan Puchon Universitetining bosh kampusiga ishchi tashrifni amalga oshirdi. Bir necha kun davom etgan uchrashuvlar, muzokaralar davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan umumiy ta’lim falsafasi va rivojlanish strategiyasiga asoslangan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tashrif dasturi davomida o‘zaro tajriba almashish, yangi loyihalarni kelishish hamda turli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Yorqin voqealardan biri — Koreyadagi eng ilg‘or maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan biri sifatida tanilgan Prime bolalar bog‘chasiga tashrif bo‘ldi. Prime bolalar bog‘chasi o‘zining ta’limdagi innovatsion yondashuvlari, raqamli metodikalari va bolalarning mustaqil hamda ijodiy tafakkurini rivojlantiruvchi muhiti bilan mashhur hisoblanadi.
Prime — oddiy bolalar bog‘chasi emas. Bu — kelajak ta’limining kichik modeli bo‘lib, unda bolalar o‘yin, izlanish va ochiq amaliy mashg‘ulotlar orqali hamkorlikka, tadqiqotchilikka va loyiha asosida fikrlashga o‘rganadi.
Toshkent shahridagi Puchon Universiteti delegatsiyasi Prime bolalar bog‘chasining metodik dasturlari bilan tanishdi, guruhlar ichidagi jarayonlarni kuzatdi, pedagoglarni tayyorlash tizimi va zamonaviy bolalar ehtiyojlarini hisobga oladigan ta’lim muhitining o‘ziga xos jihatlarini o‘rgandi.
2025-yil 8-noyabr kuni Toshkent shahridagi Puchon Universiteti va Prime bolalar bog‘chasi o‘rtasida Hamkorlik Memorandumi imzolandi. Hujjat qo‘shma ilmiy-metodik loyihalarni amalga oshirish, pedagoglar almashinuvi, treninglar o‘tkazish va maktabgacha ta’lim bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga mo‘ljallangan integratsiyalashgan dasturlar yaratishni nazarda tutadi.
Alohida ta’kidlanganidek, ushbu hujjat ikki tomonning jiddiy va puxta hamkorlikdagi ishining natijasi bo‘ldi. Memorandum Toshkent shahridagi Puchon Universiteti rektori Shin Agrippina Vasilyevna tomonidan, bosh kampus rektorati rahbariyatining faol ishtiroki va qo‘llab-quvvatlashi bilan imzolandi. Bu esa o‘z o‘rnida yo‘nalishning strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi.
Tomonlar bunday tashriflar nafaqat professional qarorlar qabul qilishga, balki o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini, ishonch esa har qanday kuchli xalqaro hamkorlikning asosi ekanini qayd etishdi.


