Toshkent shahridagi Puchon Universitetida Korrupsiyaga qarshi oy doirasidagi tadbirlar boshlandi. Ushbu tashabbusning maqsadi — talabalarda halollik, mas’uliyat va faollik kabi qadriyatlarni shakllantirish, shuningdek, zamonaviy jamiyatda shaffoflik va adolatning ahamiyatini yoshlarga eslatishdir.

Loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biri talabalar bilan hamkorlikda yaratilgan kreativ videorolikka aylandi. Unda yoshlar korrupsiyaga qarshi kurash har bir insonning ongli tanlovi, prinsipialligi va har qanday nohalollik ko‘rinishlariga qat’iy “yo‘q” deyishdan boshlanishini namoyish etadi. Rolikning formati aynan yoshlar auditoriyasiga mos ravishda dinamik va oson qabul qilinadigan tarzda ishlab chiqilgan.

Oy davomida Toshkentdagi Puchon Universitetida interaktiv treninglar, ochiq munozaralar, mutaxassislar bilan uchrashuvlar hamda talabalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan turli aksiyalar o‘tkaziladi.

Ushbu tashabbus universitetning nafaqat bilim berishga, balki halollikni qadrlaydigan va adolatli jamiyat rivojiga hissa qo‘sha oladigan yosh avlodni tarbiyalashga intilishini yana bir bor tasdiqlaydi.