FUTBOL XOTIRA VA DO‘STLIK RAMZI

18-aprel kuni Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha tayyorgarlik markazida afsonaviy futbolchi Mixail An xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro futbol turniri bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir sport, tarix va turli mamlakatlardan kelgan jamoalarning jonli energiyasini birlashtirdi.
Maydonga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va AQSh koreys madaniy markazlari ishtirokida shakllangan sakkizta jamoa o‘zaro kuch sinashdi. Turnirda, shuningdek, Toshkent shahridagi Puchon universiteti xodimlari jamoasi va “Paxtakor” futbol klubi faxriylari jamoasi ham ishtirok etishdi.
O‘yinlar shiddatli va keskin kurashlar ostida o‘tdi. Har bir jamoa o‘z mahorati, jipsligi va buyuk sportchi xotirasiga bo‘lgan hurmatini namoyish etdi. Turnir nafaqat musobaqa, balki xalqaro muloqot va aloqalarni mustahkamlash maydoniga aylandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘alabani Qirg‘iziston koreyslari assotsiatsiyasi jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston jamoasi egalladi.
Toshkent shahridagi Puchon universiteti jamoasi ham munosib ishtirok etib, o‘zaro uyg‘un o‘yin va haqiqiy jamoaviy ruhni namoyish etdi. Turnirdagi ishtirok universitet hayoti faqat auditoriyalar bilan cheklanib qolmasdan, sport, an’analar va umumiy tarix orqali insonlarni birlashtirishini yana bir bor tasdiqladi.