MINTAQAVIY AYOL LIDERLAR DIALOGI

Qadimiy Buxoroda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon ayol liderlari Dialogining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ilmiy hamkorlik, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish masalalariga bag‘ishlandi.

Forum ishida mintaqa davlatlari parlamentlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT tuzilmalari vakillari, shuningdek ilmiy va ekspert hamjamiyati delegatsiyalari ishtirok etdi.

2020 yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu Dialog bugungi kunda ayollarning ijtimoiy-siyosiy va ilmiy sohalardagi rolini kengaytirishga qaratilgan muhim mintaqaviy platforma sifatida baholanmoqda. Joriy yilda Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilishi mintaqalararo hamkorlikni yanada kuchaytirdi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva ochib berdi. U o‘z nutqida ayol liderlikni rivojlantirish va uning mintaqa davlatlarining barqaror taraqqiyotidagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.

Ilm-fan va barqaror kelajak

Muhokamalarning asosiy mavzusi ayol liderlikning ilm-fandagi o‘rni, zamonaviy chaqiriqlar, innovatsion yechimlar hamda davlatlararo ilmiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi.

Forum doirasida iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslar tanqisligi, raqamli transformatsiya va innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanishicha, ilmiy yondashuv va xalqaro hamkorlik mintaqaviy barqaror rivojlanish hamda global muammolarni hal etishning asosiy omiliga aylanmoqda.

Toshkentdagi Puchon universitetining hissasi

Forum ishida Toshkentdagi Puchon universiteti ham faol ishtirok etib, zamonaviy ilmiy va ekologik yechimlar bo‘yicha o‘zining ekspert va ta’limiy yondashuvini taqdim etdi.

Toshkentdagi Puchon universiteti rektori Agrippina Vasilevna Shin “Yashil texnologiyalar va ekologiya: kelajak uchun barqaror yechimlar” mavzusida ma’ruza qildi.

U o‘z chiqishida ekologik innovatsiyalarning barqaror rivojlanishdagi muhim o‘rni, shuningdek, ta’lim, ilm-fan va amaliy yechimlarning uyg‘unligi zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, ekologik va texnologik chaqiriqlarga javob bera oladigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashda ta’lim muassasalarining roli alohida qayd etildi.

Forum yakunlari

Yig‘ilish doirasida innovatsiyalar, ilmiy salohiyatni rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, ekologiya va sun’iy intellektga bag‘ishlangan panel sessiyalar o‘tkazildi.

Forum yakunida ishtirokchilarning takliflarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Qo‘shma kommyunike qabul qilindi. Unga ko‘ra, mintaqaviy ayol olimlar tarmog‘i — SheScience Central Asia tashkil etilishi rejalashtirilgan.