Toshkentdagi Bucheon Universitetida Mokwon University vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida tomonlar o‘zlarining ta’lim yo‘nalishlarini taqdim etdilar, akademik hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda xalqaro hamkorlik sohasida tajriba almashdilar.
Bucheon University (Tashkent) zamonaviy ta’lim dasturlarini faol rivojlantirib bormoqda. Ushbu dasturlar xalqaro standartlarga mos, amaliyotga yo‘naltirilgan bo‘lib, global mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Universitet xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini izchil mustahkamlab, talabalar va o‘qituvchilarning akademik mobilligini ta’minlash, shuningdek, ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish uchun sharoit yaratmoqda.
Mokwon University 1954-yilda Tedejon shahrida tashkil etilgan bo‘lib, san’at, dizayn, musiqa va pedagogika sohalarida kuchli an’analarga ega xususiy universitet hisoblanadi. Shu bilan birga, universitet muhandislik va raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarini ham faol rivojlantirmoqda, amaliy ta’lim va xalqaro talabalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Uchrashuv davomida tomonlar kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, hamkorlikdagi ilmiy va madaniy loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro akademik tarmoqni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida ta’lim sohasidagi yangi tashabbuslarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochdi.











