XALQARO VORKSHOP

Toshkentdagi Puchon Universitetida shveysariyalik media-rassom Peter Ershmann rahbarligida o‘tkazilayotgan Digital Media & Animation xalqaro vorkshopi davom etmoqda.

Ochiq tanlov yakunlariga ko‘ra, olti nafar ishtirokchi videoart, animatsiya va raqamli tasvirlar yaratishga bag‘ishlangan to‘rt kunlik intensiv dasturda qatnashish uchun saralab olindi. Mashg‘ulotlar davomida yosh ijodkorlar raqamli kontent bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlarini o‘rganib, eng so‘nggi animatsiya texnikalari bilan tanishmoqda hamda xorijiy ekspert rahbarligida o‘z ijodiy loyihalarini ishlab chiqmoqda.

Universitet bazasida bunday dasturlarning tashkil etilishi ta’lim muassasasining talabalar va yosh mutaxassislar uchun kasbiy rivojlanish, xalqaro tajriba almashish hamda raqamli texnologiyalar va kreativ industriyalar sohasidagi ilg‘or amaliyotlar bilan tanishish imkoniyatlarini yaratishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi.

Vorkshop Marionettes ko‘rgazmasining ommaviy dasturi doirasida o‘tkazilmoqda va ishtirokchilarga Peter Ershmannning texnologiyalar, boshqaruv tizimlari hamda raqamli muhitning zamonaviy jamiyatga ta’sirini tadqiq etuvchi badiiy amaliyoti bilan yaqindan tanishish imkonini bermoqda.

Loyiha Shveytsariya madaniyat kengashi Pro Helvetia hamda Bucheon University in Tashkent ko‘magida amalga oshirilmoqda. Dastur Shveytsariya Taraqqiyot va Hamkorlik Agentligining (SDC) Markaziy Osiyo san’at va madaniyat dasturi (CAACP) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Art Station: O‘zini erkin ifoda etish, badiiy ijod, inklyuziv muloqot va hamjamiyat rivoji chorrahasi” tashabbusining bir qismi hisoblanadi.