Toshkentdagi Puchon Universiteti xalqaro ta’lim hamkorligini kengaytirish va zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash uchun yangi imkoniyatlar yaratishda davom etmoqda.
Puchon Universitetida (Koreya Respublikasi) Toshkent shahridagi Puchon Universiteti akademik litseyida akademik dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Mazkur hujjat zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish, akademik hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, talabalar va pedagoglar uchun stajirovkalarni tashkil etishni nazarda tutadi. Bu esa ta’limning uzviyligini ta’minlash, o‘quvchilar tayyorgarligi sifatini oshirish hamda ularning kasbiy va shaxsiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Kelishuvning imzolanishi Puchon Universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, bu universitetning ilg‘or ta’lim amaliyotlarini joriy etish, O‘zbekiston yoshlari uchun zamonaviy bilimlar va xalqaro akademik tajribadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga bo‘lgan intilishini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yangi akademik dasturlarning amalga oshirilishi universitet ta’lim ekotizimini yanada rivojlantirishga, shuningdek, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi akademik almashinuv imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.


