Shunday maskanlar borki, u yerda so‘zlar sokinlashadi, inson qalbida esa chuqur o‘ylar uyg‘onadi. Xivadagi “Xotira Maydoni” memorial majmuasi ham aynan shunday maskanlardan biri. Bu yerda tarix darslik sahifalarida emas, balki xotira, hurmat va sukut orqali his etiladi.
Toshkentdagi Puchon universiteti professorlari va magistrantlari memorial majmuaga tashrif buyurib, halok bo‘lgan qahramonlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar hamda katta avlod vakillariga jasorat, matonat va tinch osmon uchun samimiy minnatdorlik bildirdilar. Ishtirokchilar yodgorlik poyiga gullar qo‘yib, qahramonlar xotirasini bir daqiqalik sukut bilan yod etdilar.
Bu kun tinchlik, birlik va insoniy xotiraning naqadar bebaho ekanini yana bir bor eslatdi. Ajdodlarimizning fidoyiligi, jasorati va kuchli iroda namunasi bugungi avlod qalbida yashab, yoshlarni tarixiy haqiqatni asrash va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutmoqda.
Talabalar uchun bunday tadbirlar alohida ahamiyatga ega. Ular nafaqat tarix bilan yaqindan tanishish, balki tinchlik va ozodlik yo‘lida jonini fido qilgan insonlar oldidagi mas’uliyatni chuqur his etishga yordam beradi.
Qahramonlar xotirasi vaqtga bo‘ysunmaydi. Biz eslaymiz. Biz e’zozlaymiz.




