Toshkent shahridagi Puchon universiteti xalqaro hamkorlik doirasida amaliy natijalar berayotgan muhim tashabbuslarni hayotga tatbiq etishda davom etmoqda. Universitetda Sonbuson jamg‘armasi vakillari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichlari hamda universitet hududida zamonaviy bolalar bog‘chasi qurilishi bo‘yicha yirik ijtimoiy loyiha atroflicha muhokama qilindi. Bu nafaqat talabalarimiz ta’lim olishi, balki yosh oilalar va kelajak avlodni qo‘llab-quvvatlash uchun qulay sharoitlar yaratish yo‘lidagi navbatdagi strategik qadamdir.
Uchrashuv davomida loyiha amalga oshirilishining bugungi holati, qurilishning keyingi bosqichlari hamda bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun zamonaviy makon yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Sonbuson jamg‘armasi bilan hamkorlikni kengaytirish, jumladan, ta’lim, akademik almashinuvlar va istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Bunday loyihalar Toshkent shahridagi Puchon universitetining xalqaro aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or ta’lim amaliyotlarini joriy etish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan rivojlanish strategiyasining ajralmas qismidir.
Toshkent shahridagi Puchon universiteti rektori Agrippina Vasilyevna Shin ushbu qo‘shma loyihaning ahamiyati haqida to‘xtalib, shunday dedi:
”Qo‘shma loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi yanada qulay va zamonaviy ta’lim ekotizimini yaratishga xizmat qiladi. Bu talabalarning akademik hamda shaxsiy rivojlanishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek, kelajak avlodlar manfaatlari yo‘lida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash demakdir.”
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga toliq tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Amalga oshirilayotgan ushbu ezgu tashabbuslar universitet ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga, ta’lim sifatini oshirishga hamda yangi avlodning raqobatbardosh mutaxassislarini tayyorlashga munosib hissa qo‘shishi shubhasizdir.









