Toshkent shahridagi Puchon universiteti zamonaviy ta’lim va professional rivojlanish yo‘nalishida yangi imkoniyatlarni yaratishda izchil faoliyat olib bormoqda. Ana shunday tashabbuslarning navbatdagisi sifatida Toshkent turizm va madaniy meros texnikumi bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum ta’lim, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda malakali mutaxassislar tayyorlash sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish va qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar akademik mobilligini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar ishtirokida mahorat darslari, ma’ruzalar va treninglar tashkil etish, o‘quv-uslubiy materiallar almashish, ta’lim dasturlarini birgalikda ishlab chiqish, ilmiy konferensiyalar, seminarlar hamda boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek, talabalarning amaliyot va stajirovkalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Memorandumda 2+2 va 2+3 ta’lim dasturlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu tizim texnikum bitiruvchilariga Toshkent shahridagi Puchon universitetida ta’limni davom ettirish, uzluksiz ta’lim imkoniyatidan foydalanish, xalqaro ta’lim standartlari asosida bilim olish hamda amaliy ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish imkonini beradi.
Toshkent shahridagi Puchon universiteti rektori Agrippina Vasilyevna Shin ta’kidlaganidek, bunday hamkorlik loyihalari turizm va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning fikricha, ta’lim salohiyatini birlashtirish talabalar uchun amaliy tajribani kengaytirish, kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini oshirish va sifatli ta’limni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur memorandumning imzolanishi Toshkent shahridagi Puchon universitetining xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, mamlakatimizning yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash borasidagi izchil faoliyatining yana bir muhim amaliy ifodasi bo‘ldi.





