Toshkent shahridagi Puchon universiteti yana bir bor o‘zining ta’lim modeli an’anaviy akademik doiradan ancha keng ekanini namoyon etdi. Universitetda koreys tilida o‘tkazilgan birinchi notiqlik san’ati tanlovi shunchaki ichki tadbir emas, balki talabalarni global professional hamjamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan muhim strategik qadam bo‘ldi.
Tanlovda “Menejment” fakultetining 6 nafar eng iqtidorli talabasi ishtirok etdi. Ular koreys tilini yuqori darajada bilishini, omma oldida erkin chiqish qilish hamda ijodiy yondashuv mahoratini namoyish etdilar.
Ushbu tanlov Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan 30-Jahon notiqlik mahorati musobaqasiga saralash bosqichi vazifasini o‘tadi. Bu kabi nufuzli tadbirlar universitetimizning xalqaro imkoniyatlar sari yo‘l ochuvchi kuchli ta’lim maskani sifatidagi mavqeyini yanada mustahkamlaydi hamda talabalarga porloq karyera uchun o‘ziga xos tramplin bo‘lib xizmat qiladi.
Ishtirokchilarning chiqishlari universitetimizning “Shaxsni rivojlantirish, Mustaqillik va Jamiyatga xizmat qilish” tamoyilini amalda yaqqol ko‘rsatib berdi. Reglamentning qat’iy ravishda 4 daqiqa etib belgilangani talabalar oldiga fikrni lo‘nda yetkazish, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va stressli vaziyatlarda ham o‘zini yo‘qotmaslik kabi murakkab talablarni qo‘ydi.
Mavzularning erkin tanlangani va turli vizual rekvizitlardan foydalanilgani talabalarning kreativ fikrlashini hamda auditoriya bilan ishlash qobiliyatini namoyon etdi. Bu esa kelajakdagi menejerlar va yetakchi rahbarlar uchun nihoyatda muhim omildir.
Universitetimiz nafaqat koreys madaniyati va tilini targ‘ib qilmoqda, balki sifatli ta’limni xalqaro e’tirof va talabalar uchun porloq kelajak imkoniyatlariga aylantirayotgan zamonaviy raqobat muhitini shakllantirmoqda.





