JONLI MUTOLAA BUGUN

Toshkent — tezlashib borayotgan shahar. Yangiliklar ularni eslab qolishga ulgurmasdan varaqlanadi. Ammo shunday maskanlar borki, u yerda vaqt go‘yo sekinlashadi. Shulardan biri — Respublika bolalar kutubxonasi. Aynan shu yerga Puchon universitetining Toshkentdagi maktabgacha ta’lim fakulteti talabalari oddiy ekskursiya uchun emas, balki darslikdan tashqarida olinadigan jonli tajriba ortidan tashrif buyurishdi.

“Мaktabgacha yoshdagi bolalarning adabiy ta’limi” fani doirasida ular o‘qituvchi Svetlana Pak bilan birgalikda sayyor amaliy mashg‘ulot o‘tkazib, odatiy kutubxonani haqiqiy ta’lim laboratoriyasiga aylantirishdi.

Dastlabki daqiqalardanoq ayon bo‘ldi: bugungi kutubxona — bu “jimlik va javonlar” emas. Bu — muloqot, qiziqish va ilk kashfiyotlar makoni. Talabalar kutubxonaning yaratilish tarixi bilan tanishdilar, uning tuzilmasini o‘rgandilar, “ichki jarayonlar”ga nazar tashladilar — ya’ni fond qanday shakllanishi va qaysi kitoblar kichik kitobxonlar qo‘liga yetib borishini belgilash jarayonini ko‘rdilar.

Ammo eng qiziqarli qismi keyin boshlandi.

Amaliy mashg‘ulot kuzatish bilan cheklanib qolmadi. Talabalar bu maskan aslida kimlar uchun yaratilgan bo‘lsa, o‘sha bolalar bilan muloqot qilishdi. Savollar berishdi, tinglashdi, hayratlanishdi: bugungi kichik kitobxonlarga nima qiziq? Ular qaysi kitoblarni o‘zlari tanlaydi? Nega yana qaytib kelishadi?

Suhbatlar ota-onalar va kutubxona xodimlari bilan davom etdi. Aynan shu muloqotlar davomida muhim haqiqat yanada aniq bo‘ldi: kitob o‘qishga muhabbat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. U e’tibor, muhit va qiziqishni uyg‘ota oladigan insonlar orqali shakllanadi.

Bu yondashuv bugun Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan siyosat bilan hamohang. Oʻzbekistonda mutolaa madaniyati davlat miqyosida muhim qadriyat sifatida qaralmoqda — bu esa yangi avlod tarbiyasining asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Puchon universiteti Toshkentda bu yo‘nalishda faol harakat qilmoqda. Bu yerda mutolaa — shunchaki o‘quv dasturining bir qismi emas, balki talabalar hayotining ajralmas qismi. Buni nafaqat sayyor mashg‘ulotlarda, balki kampus yuragi bo‘lgan kutubxonada ham ko‘rish mumkin — u deyarli hech qachon bo‘sh qolmaydi. Bu yerda talabalar darslar orasida kitob o‘qishadi, fikr almashishadi, javoblar izlashadi va eng muhimi — bu muhabbatni boshqalarga yetkazishni o‘rganishadi.

Bo‘lajak pedagoglar yaxshi tushunishadi: ularning vazifasi bolani shunchaki o‘qishga o‘rgatish emas, balki kitobni uning yaqin do‘stiga aylantirishdir. Bunday amaliy mashg‘ulotlar esa aynan shu yo‘ldagi ilk muhim qadamdir.

Chunki haqiqiy mutolaa madaniyati majburiyatdan emas, ilhomdan boshlanadi. Va aynan shu ilhomni bugun Puchon universiteti talabalari orasida tobora ko‘proq uchratish mumkin.