Kimdir ijtimoiy tarmoqlarda vaqt sarflayotgan bir paytda, bu yerda insonlar bir-birini “o‘qish”ni, his qilishni va anglashni o‘rganmoqdalar. Toshkent shahridagi Puchon universiteti IT-kampus kutubxonasi yana talabalar bilan gavjum.
Kutubxona bo‘ylab yangrayotgan samimiy kulgi, qizg‘in bahslar, kutilmagan ” Men aytgandimku!”, “Mafiya” topishga urinishlar va “Monopoliya”dagi so‘nggi sarmoyalar uchun olib borilayotgan muzokaralar…
Bu — jonli muloqot hududi. Litsey va universitet talabalari bu yerga ekranlarga termulish uchun emas, balki jonli hissiyotlar, tezkor tafakkur va insoniy aloqa uchun yig‘ilishadi.
“MAFIYA” — intuitsiya va ishontirish qobiliyatini sinovdan o‘tkazadi.
“MONOPOLIYA” — sabr, strategik rejalashtirish va tadbirkorlik tafakkurini charxlaydi.
“UNO” — sokin davrani bir zumda quvnoq emotsiyalar girdobiga aylantira oladi.
“ELIS” — tezkor fikrlash va bir-birini yarim so‘zdan tushunish san’atidir.
Eng qizig‘i — bu yerda shunchaki kuzatuvchi bo‘lib qolishning iloji yo‘q. Avvaliga “shunchaki tomosha qilaman” deb kelganlar ham, oradan o‘n daqiqa o‘tmay o‘z strategiyasini himoya qilayotgan, blef qilayotgan yoki revansh talab qilayotgan bo‘ladi.
Bugungi kunda Toshkent shahridagi Puchon universiteti kutubxonasi — bu nafaqat kitoblar va sukunat maskani, balki:
Yangi do‘stlik aloqalari o‘rnatiladigan;
Ahil jamoalar shakllanadigan;
Unutilmas talabalik xotiralari yaratiladigan maskandir.
Zamonaviy dunyoda eng katta tanqislikka aylanib borayotgan jonli muloqot bu yerda har qachongidan ham qadrli va serob.



