Toshkent shahridagi Puchon universitetida Kasbiy ta’limni rivojlantirish institutining malaka oshirish kurslarida tahsil olayotgan texnikum direktorlari uchun ko‘chma mashg‘ulot tashkil etildi.
Mazkur tadbir universitet va Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti o‘rtasida 2026-yil mart oyida tuzilgan hamkorlik shartnomasi doirasida o‘tkazildi.
Mashg‘ulot davomida Puchon universiteti professori An Xee Su Janubiy Koreyaning iqtisodiy taraqqiyoti, yuqori texnologiyalari va ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribasi haqida ma’ruza qildi. Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti professori F. X. Gafarov esa samarali boshqaruv, xodimlar motivatsiyasi va tashkiliy madaniyat masalalarini yoritib berdi.
Ishtirokchilarga universitet faoliyati, bakalavriat va magistratura ta’lim dasturlari, mavjud ta’lim shakllari hamda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, universitetning ta’lim faoliyati va imkoniyatlarini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.
Ochiq muloqot va savol-javoblar davomida ishtirokchilar ta’limni boshqarish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish hamda kasbiy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Ko‘chma mashg‘ulot texnikum rahbarlariga zamonaviy ta’lim texnologiyalari, xalqaro tajriba va samarali boshqaruv yondashuvlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Shu bilan birga, tadbir Puchon universiteti va Kasbiy ta’limni rivojlantirish instituti o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, rahbar kadrlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda kasbiy ta’lim tizimining sifati va samaradorligini oshirish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
Toshkent shahridagi Puchon universiteti ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va uni milliy ta’lim amaliyotiga tatbiq etishga qaratilgan tashabbuslarni izchil davom ettiradi.






