Pedagogika texnikumlari bilan hamkorlikni yanada
rivojlantirish, ta’lim jarayonlarining uzviyligini ta’minlash va qo‘shma
loyihalarni samarali davom ettirish maqsadida 12-sentyabr kuni Toshkent
shahridagi Puchon universiteti ishchi guruhi Qashqadaryo pedagogika texnikumida
bo‘ldi.
Uchrashuvlarda Puchon universiteti va
Qashqadaryo pedagogika texnikumi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash,
ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish
hamda istiqboldagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama
qilindi.
Tashrifning muhim qismi Puchon universitetining
“Maktabgacha ta’lim” yo’nalishi bo’yicha part-time ta’lim shaklida tahsil olish
uchun hujjat topshirgan 62 nafar abituriyent bilan uchrashuv bo‘ldi.
Muloqot davomida abituriyentlarga Puchon
universitetining faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik aloqalari,
ta’lim jarayonining tashkil etilishi hamda talabalar uchun yaratilgan
imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, hujjatlarni rasmiylashtirish, o‘quv
mashg‘ulotlarini tashkil etish, kredit-modul tizimi, imtihon va nazorat
jarayonlari hamda amaliyot masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Tashrif doirasida Qashqadaryo pedagogika
texnikumi pedagog-o‘qituvchilari bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Unda
zamonaviy pedagogik yondashuvlarni ta’lim jarayoniga joriy etish,
o‘qituvchilarning kasbiy va ilmiy salohiyatini oshirish, tajriba almashish
hamda ta’lim sifatini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor
qaratildi.
Shuningdek, universitet va texnikum
professor-o‘qituvchilari o‘rtasida tajriba almashish, seminar va mahorat
darslarini tashkil etish, qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazish hamda
ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Mazkur tashrif Puchon universiteti va
Qashqadaryo pedagogika texnikumi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib
chiqish, professional va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish,
yoshlarning oliy ta’limni davom ettirishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar
yaratish hamda pedagog kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga xizmat qiladi.


