Pedagogika kollejlari direktorlari uchun "2+2" o'quv dasturi bo'yicha seminar

Koreya Respublikasidagi Puchon universiteti, O'zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi, shuningdek, Toshkent shahridagi Puchon universiteti o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumida nazarda tutilgan "2+2" ta'lim dasturini amalga oshirish maqsadida Maktabgacha ta'lim agentligi bilan hamkorlikda Toshkent, Xiva, Namangan, Qo'qon, Sirdaryo va Toshkent viloyati O ' rtachirchik tumani pedagogika kollejlari direktorlari uchun seminar bo'lib o'tdi.

Tadbir davomida Toshkent shahridagi Puchon universiteti rektori V.V.Nam "2+2" ta'lim dasturini joriy etishning maqsad va vazifalarini, ushbu loyihani pedagogika kollejlari bilan hamkorlikda amalga oshirish yo'llarini belgilab berdi. "Maktabgacha ta'lim" kafedrasi professori D. M. Jumanova tomonidan "2+2" o'quv dasturining taqdimoti namoyon etilib, loyihaning maktabgacha ta'lim tizimi uchun kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini batafsil ochib berdi.

Tashrif davomida mehmonlarga universitet faoliyati bilan tanishish, Koreya Respublikasidan taklif etilgan "Maktabgacha ta'lim" kafedrasi professorining darsiga qatnashish imkoniyati berildi, u yerda pedagog Koreya ta'lim tizimi bo'yicha "Matematika" fanini o'qitish usullarini taqdim etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar "2+2" ta'lim dasturini amalga oshirishga qaratilgan qo'shma harakatlar to'g'risida kelishib oldilar.